Фойдаланувчилар: 56892(+43)

Кидирув

Логин    Пароль
Вернуться назад вернуться назад
28 апрел 2011

Hamisha navqiron va go‘zal shahar - Toshkent 2011

Hamisha navqiron va go‘zal shahar

 

Toshkent 2011

Poytaxtimizda ulkan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda


Prezidentimiz Islom Karimovning “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorida O‘zbekiston Respublikasi o‘z davlat mustaqilligini qo‘lga kiritgan buyuk tarixiy sana – 1 sentabr xalqimizning ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy hayotida beqiyos o‘rin tutadigan, har yili eng ulug‘, eng aziz bayram sifatida katta shodu xurramlik bilan nishonlanadigan qutlug‘ ayyom ekani qayd etilgan. Bu yil xalqimiz va mamlakatimiz Vatanimiz tarixida shonli sana – milliy mustaqilligimizning yigirma yilligini keng nishonlaydi.

Mamlakatimizning barcha joylarida ushbu qutlug‘ sanani munosib kutib olish uchun hududlarni obodonlashtirish, yangi turar-joy majmualarini barpo etish, transport infratuzilmasi obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Poytaxtimiz Toshkentda ham ulkan bunyodkorlik ishlari bajarilmoqda.

Istiqlol yillarida poytaxtimiz o‘zgacha tarovat va zamonaviy qiyofa kasb etdi. Bir-birini takrorlamaydigan loyihalar asosida ma’muriy binolar, turar joy dahalari, keng va ravon ko‘chalar, qulay va shinam bozorlar qad rostladi. Amir Temur maydoni me’morchilik ansamblining uzviy qismi bo‘lgan “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyi shahrimiz ko‘rkiga yanada ko‘rk qo‘shdi. Hazrati Imom majmui esa zamonaviy me’morlarimiz salohiyatining o‘ziga xos timsoliga aylandi.

Ayniqsa, Toshkentning markaziy ko‘chalarida ro‘y berayotgan o‘zgarishlar alohida e’tiborga molik. Bu yerda mustaqillik yillarida ko‘kalamzorlashtirilgan hududlar rekonstruksiya qilinib, yangilari barpo etildi. Obodonlashtirish xizmatlari tomonidan shahar bo‘ylab minglab ignabargli, mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi. Har yili istirohat bog‘lari, maydonlar va markaziy ko‘chalarda bir necha ming turdagi gullar ekilmoqda.

Vatanimiz mustaqilligining 20 yilligi arafasida poytaxtimizning me’moriy qiyofasi o‘zining tarixiy jozibasini saqlagan holda yangilanib, yanada go‘zallashmoqda, aholi uchun yangi-yangi qulayliklar yaratilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2000 yil 26 aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida arxitektura va shahar qurilishini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni, 2005 yil 30 avgustda qabul qilingan “Shaharlar, shaharchalar va qishloq aholi punktlarining bosh rejalarini ishlab chiqish va amalga oshirish jarayonlarini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bunda muhim dasturilamal bo‘lmoqda. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 4 dekabrdagi shaharlar va shahar qishloqlari bosh rejalari, qishloq fuqarolar yig‘inlari hududlarini arxitektura-reja asosida tashkil etish loyihalarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori ijrosiga alohida ahamiyat qaratilayotir.

Eng ulug‘ va aziz bayramimiz arafasida poytaxtimiz markaziy qismining me’moriy qiyofasini yangilash va obodonlashtirish, shuningdek, Toshkent shahri aholisining turar joy sharoitlarini tubdan yaxshilash maqsadida poytaxtimizning qadimiy ko‘chalaridan biri – Navoiy ko‘chasi tubdan o‘zgartirilmoqda. Ayni paytda bu yerda aholining turar joylarga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq ta’minlash, yangi va zamonaviy turar joy hududlarini tashkil etish va azim shahrimiz qiyofasini yanada yaxshilashga doir keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Masalan, yaqin vaqtgacha bu yerda elektr texnikasi va maishiy tovarlar bilan savdo qiladigan do‘konlar joylashgani bois ko‘chaning transport yuradigan qismida tirbandlik yuzaga kelgan bo‘lib, yo‘llar yoqasida taqiqlangan belgilar qo‘yilganiga qaramay, mashinalar turnaqator bo‘lib turar, ular transport vositalari va yo‘lovchilarning harakatiga to‘sqinlik qilardi. Bundan tashqari, do‘konlarning tashqi ko‘rinishi ham poytaxtimizning umumiy me’moriy qiyofasiga mos kelmasdi.

Yaqin vaqt ichida elektrotexnika buyumlari va maishiy tovarlar bilan savdo qiladigan ushbu do‘konlar Kichik halqa avtomobil yo‘li bo‘yiga joylashtiriladi. Yangi “Fleshka” texnomarkazini Vatanimiz mustaqilligining 20 yilligi arafasida ochish rejalashtirilmoqda.

Shuni ta’kidlash kerakki, Navoiy ko‘chasida joylashgan mazkur eski savdo do‘konlari buzildi, ularning orqasidagi tashlandiq hudud tozalanib, bo‘lajak qurilish uchun to‘liq tayyorlandi. Shuningdek, Alisher Navoiy, Olmazor, O‘qchi va Furqat ko‘chalari chegarasida joylashgan eski uylar ham buzildi. Ularning egalariga, xohishiga qarab, kvartira yoki zamonaviy uy-joy qurish uchun yer uchastkalari berildi.


alt


– Men tug‘ilganimdan buyon shu yerda yashayman, – deydi “Olmazor” mahallasi fuqarosi Lutfulla Abdullayev. – 1966 yilgi zilziladan so‘ng, bu yerda ilk bor yarmarka paydo bo‘ldi va u asta-sekin kengaydi. Istiqlol yillarida bu yerda elektr texnikasi va maishiy tovarlar do‘konlari barpo etildi. Shaharning zamonaviy me’morchilikka mos kelmaydigan eski qismi esa ularning orqasida qolib ketdi. Mamlakatimiz hukumati hududlarni obodonlashtirish haqida qaror qabul qilganidan mamnunman. Shubhasiz, bu yerda qad rostlaydigan yangi turar joy kompleksi qadimiy va hamisha navqiron poytaxtimiz ko‘rkiga ko‘rk qo‘shadi.

Bugun Navoiy ko‘chasida yangi turar joy hududini qurish uchun tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Ushbu keng ko‘lamli ishni amalga oshirish uchun bosh buyurtmachilar, pudratchi va loyihachilar aniqlanmoqda. Bu yerda barcha muhandislik tarmoqlari, tegishli ijtimoiy-madaniy obyektlarga ega yetti qavatli 8 uy quriladi, Navoiy, Olmazor, O‘qchi va Furqat ko‘chalari hududi obodonlashtiriladi.

Qurilish ishlari buyurtmachilar mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Ular orasida “O‘zbekiston temir yo‘llari”, “O‘zkimyosanoat” davlat aksiyadorlik kompaniyalari, “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, “Asaka” davlat-aksiyadorlik tijorat banki, “Aloqa bank” ochiq aksiyadorlik tijorat banki, “O‘zsanoatqurilishbank” aksiyadorlik tijorat banki va “Ipoteka-bank” aksiyadorlik tijorat-ipoteka banki bor.

“Toshneftgazqurilish” ochiq aksiyadorlik kompaniyasi, “O‘zneftgazqurilishinvest” aksiyadorlik kompaniyasi, “Bunyodplastqurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati, NTMKning “Zarafshon qurilish boshqarmasi”, “O‘ztemiryo‘lqurilishmontaj” unitar korxonasi va boshqalar yangi kompleksning bosh pudratchilari, “Toshkent boshplanLITI” davlat unitar korxonasi bosh loyihachi tashkilot hisoblanadi.

Shunisi e’tiborliki, idoraviy tashkilotlarga tegishli mazkur uylar ularning uyga muhtoj xodimlariga, shuningdek, kam ta’minlangan oilalarga beriladi. Mamlakatimiz banklarining o‘z mablag‘lari evaziga barpo etilayotgan xonadonlar kredit asosida foydalanish uchun beriladi. Ular uchun mablag‘ni 15 yil davomida to‘lash ko‘zda tutilgan. Yosh oilalarga kredit bo‘yicha sotib olish uchun katta imtiyozlar taqdim etiladi.

Turar joy massivi orqasida katta istirohat bog‘i barpo etiladi. Bu yerga maysazor qoplamalari keltirildi va tomchilab sug‘orish uchun quvurlar o‘tkazildi.

Toshkent shahar obodonlashtirish boshqarmasi xodimlaridan biri, Navoiy ko‘chasidagi yashil maysazorlarni 50 yildan buyon mehr bilan parvarish qilib kelayotgan oqsoqol Fayzulla G‘aybullayev poytaxtimizda yana bitta ajoyib istirohat bog‘i paydo bo‘layotganidan xursandligini yashirmadi.

– Toshkentga Namangan viloyatidan kelganimda 24 yoshda edim, – deydi Fayzulla ota. – Bu ishga o‘sha paytda joylashganman. Hozir 77 yoshga kirdim. Bu yerda yangi istirohat bog‘i barpo etilishini eshitganimda hali qiladigan ishlarim ko‘pligini angladim. Bundan ruhim yanada ko‘tarildi va bu yerda ekiladigan daraxt va o‘simliklarni mehr bilan parvarish qilishdan juda xursandman.

Yana bir muhim jihat: Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 26 yanvarda qabul qilingan Toshkent shahrida transport infratuzilmasi obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq ko‘chaning transport qatnaydigan qismi ancha kengaytirildi va endi mashinalar tig‘iz paytda ham bu yerdan bemalol o‘tish mumkin.

Transport xizmatlariga ortib borayotgan talabni yanada to‘liq ta’minlash, transport xarajatlarini kamaytirish va barcha turdagi transport vositalari, shu jumladan, yer ustida yo‘lovchi tashuvchi elektr transportining harakatlanish sxemasini maqbullashtirish va transportlarning atrof-muhitga zaharli ta’sirini kamaytirish orqali ularning o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish maqsadida transport infratuzilmasi obyektlarini qurish hamda rekonstruksiya qilish bo‘yicha chora-tadbirlar kompleksi tasdiqlandi. Bu ishlar Amir Temur, Navoiy, Shota Rustaveli ko‘chalaridagi tramvay liniyalarini demontaj qilishni o‘z ichiga olgan. Avval relslar joylashgan yo‘llar yo‘l infratuzilmasiga muvofiq asfalt bilan qoplandi.

Biroq, tramvay liniyalari boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha o‘tkazilmoqda. Masalan, Muqimiy ko‘chasidan SH.Rustaveli, Qushbegi ko‘chalari, Toshkent kichik avtomobil halqa yo‘li, Taraqqiyot ko‘chasigacha uzunligi 7,1 kilometrlik liniyalar, kontakt tarmoqlari hamda transformator kichik stansiyalari qurilishi nihoyasiga yetmoqda. Yaqin vaqt ichida Samarqand darvoza ko‘chasidan Oqtepa maydonigacha uzunligi 2,7 kilometrlik liniya barpo etish ishlari ham yakunlanadi.

Shu yilning oxirigacha Beshqayrag‘och ko‘chasi, Toshkent avtomobil halqa yo‘lidan Ibn Sino dahasigacha uzunligi 3,6 kilometrlik tramvay liniyalari qurilishini yakunlash rejalashtirilmoqda. Shu bilan birga, Farg‘ona yo‘li ko‘chasidan Risoviy va Alimkent ko‘chalarigacha uzunligi 2,5 kilometr bo‘lgan avtomobil yo‘li uchastkasi va tramvay liniyasi rekonstruksiya qilinadi. Bu liniyalarda yuqori tezlik bilan yuradigan poli past tramvaylar qatnaydi.

alt

Muxtasar aytganda, tramvay yo‘llari qurilishining nihoyasiga yetkazilishi va rekonstruksiya qilinishi bu yo‘llarni ancha uzaytirish, yangi yo‘nalishlarni tashkil etish imkonini beradi va poytaxtimiz ko‘chalaridagi transport oqimini yengillashtiradi.

Toshkent shahar hokimligidan ma’lum qilishlaricha, Vatanimiz mustaqilligining 20 yilligiga tayyorgarlik ko‘rish va poytaxtimizni zamonaviy megapolisga aylantirish uchun mamlakatimiz hukumati tomonidan markaziy buyum va qurilish materiallari bozorlarini shahar chetiga ko‘chirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Ular ko‘chiriladigan joylarda bozor iqtisodiyotining zamonaviy talablariga javob beradigan yangi do‘konlar qurilishi deyarli nihoyasiga yetkazilgan. Mamlakatimizning rekonstruksiya qilingan eng yirik “Otchopar” buyum bozori yaqinida yuzlab do‘konlarni o‘z ichiga olgan ulkan gipermarket barpo etilgan.

Masalan, yaqinda “Oloy” bozori hududidan nooziq-ovqat tovarlar bilan savdo qiladigan do‘konlar, servis xizmatlari ko‘rsatadigan punktlar ko‘chirildi. Natijada, bu yerdagi avtomobillar to‘xtash joyi ancha kengaytiriladi va bu ko‘chaning o‘tish qismini ancha yengillashtiradi. Endi “Oloy” bozori bilan yonma-yon joylashgan yirik mehmonxonalar, tashkilotlar va xususiy kompaniyalar oldida o‘z mashinalarini qo‘yadigan avtomobil egalari ularni jahon standartlariga javob beradigan maxsus to‘xtash joyida qoldirishi mumkin.

Bundan tashqari, Parkent ko‘chasida ham o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Vazirlar Mahkamasining transport infratuzilmasi obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq, bu yerda joylashgan “Parkent” savdo majmuining qurilish materiallari bilan savdo qiladigan do‘konlari ham ko‘chirildi. “Universal” savdo majmui Toshkent avtomobil xalqa yo‘li tashqarisiga chiqarildi. Uning o‘rnida avtotransport vositalari vaqtincha saqlanadigan birmuncha kengaytirilgan to‘xtash joyi tashkil etiladi. Qurilish materiallari sotuvchilari hozircha O‘rikzor yoki Chuqursoydagi qurilish materiallari bozorlaridagi joylarni ijaraga olib, ishni davom ettirmoqda.

Ushbu ulkan bunyodkorlik ishlari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlardan ko‘zlangan asosiy maqsad xalqimiz farovonligi va hayot sifatini oshirishga qaratilganidan dalolat beradi.

 

manba: O‘zA,

foto: O'zA

M.Mametova

Отзывов Комментарии 0  Просмотры  Просмотров 2663
Уважаемый посетитель, вы просматриваете сайт, как незарегистрированный пользователь. Мы рекомендуем вам зарегистрироваться либо зайти на сайт под своим именем, ибо некоторый материал новости доступен только участникам проекта.

Ўхшаш янгиликлар:


  • O‘zbekiston—BAA uchrashuvi chiptalari sotuvga chiqdi
  • O‘zbekistonda OTM o‘qituvchilarining elektron portfoliosi yaratiladi
  • Keti Perri Twitter’da “follover”lar bo‘yicha rekord o‘rnatdi
  • Go‘zal malika va uning yagona muhabbati
  • «Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida»

  • Каменты Комментарии:


    Маълумот


    <b>Мехмон</b> гуруҳига кирувчи фойдаланувчилар ушбу янгиликка ўз фикрларини билдира олмайдилар.

    Мехмон гуруҳига кирувчи фойдаланувчилар ушбу янгиликка ўз фикрларини билдира олмайдилар.




    Реклама

    загрузка...